Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirlik tizimidagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talaba-yoshlarni ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish, ularni faol yaratuvchilik faoliyatiga keng jalb etish hamda oʻquv va ilmiy-innovatsion faoliyatda namuna koʻrsatgan kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan iqtidorli bakalavriat va magistratura talabalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Qishloq xoʻjaligi vazirligi stipendiyasi ta’sis etilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 5-sentabr 11-06/985-sonli xatiga asosan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va magistratura mutaxassisligi talabalari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi stipendiyasiga nomzodlar uchun tanlovning birinchi, Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti bosqichi boʻlib oʻtdi.
Tanlov institut rektorining 2023-yil 6-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi stipendiyasiga tanlov o‘tkazish to‘g‘risida” 33-I sonli buyrugʻiga asosan tanlov Nizomida belgilangan vazifalar mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda tanlovni uyushqoqlik bilan oʻtkazilishini ta’minlash, tanlovni yuqori saviyada va keng qamrovda tashkillashtirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlar hamda institut veb-saytlarida keng targʻib qilish, tanlov talab darajasida oʻtkazilishini muvofiqlashtirish va shaffoflik ta’minlanishini nazoratga olish maqsadida maxsus komissiya tarkibi ishlab chiqildi.
Tanlov 2 bosqichda oʻtkazildi:
Birinchi bosqichda, tanlov ishtirokchilar tomonidan topshirilgan hujjatlar yigʻmajildida ishtirokchilarning ma’lumotnoma (obektivka), pasport yoki ID karta nusxasi, reyting baholaridan ko‘chirma (fanlarni o‘zlashtirish darajasi), dekanat va Yoshlar ittifoqining tavsiyanomasi, ilmiy rahbarning fikr-mulohazalari, xorijiy tillarni bilish darajasini tasdiqlovchi hujjat, ilmiy ishlar ro‘yxati va ularning bosma nusxalari, xalqaro, respublika va oliy ta’lim muassasalari miqyosidagi tanlovlarida erishgan yutuqlarini asoslovchi hujjatlarini belgilangan tartibdagi tasdiqlangan nusxalari maxsus komissiya tomonidan koʻrib chiqildi.
Ikkinchi bosqichda, tanlov ishtirokchilari maxsus komissiyaga oʻzlarining ilmiy g’oyalari va loyihalari toʻgʻrisida taqdimot qilib berishdi.
Oʻtgan 2022-yilda, tanlovda 3 nafar iqtidorli talaba ishtirok etgan boʻlsa, joriy yilda 19 nafar iqtidorli talabalar tomonidan tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlar yigʻmajildi topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi stipendiyasi tanlovini oʻtkazish boʻyicha maxsus komissiyaning 2023-yil 14-sentabrdagi 1-son yigʻilish bayonnomasi va institut Kengashi tavsiyasiga asosan iqtidorli talaba-yoshlar tomonidan oʻquv, ilmiy tadqiqot faoliyatda, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda, fanlarni o’zlashtirishda yuqori natijalarga erishgan, turli tanlovlarda gʻolib boʻlgan, ilmiy gʻoya va startap loyihalarga ega boʻlgan 12 nafar bakalavriat talabasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi stipendiyasi tanlovlarning navbatdagi bosqichida ishtirok etishi uchun tavsiya etildi.
