O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-iyuldagi “Agrar sohada ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarishni integratsiya qilish orqali sifat va samaradorlikni oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-216-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida institutda “O‘zbekiston Koreya kartoshka urug‘chiligi markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Hozirda markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida Koreya Respublikasi Hukumatining 4,3 mln AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha 2023-yil 22-mart kuni Janubiy Koreya Respublikasi Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va qishloq hududlarini rivojlantirish vazirligi (MAFRA), Koreya qishloq hududlarni rivojlantirish koorporatsiyasi (KRS) bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda institut (Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali) o‘rtasida to‘rt tomonlama shartnoma imzolangan.
Shuningdek, sohani rivojlantirish maqsadida Samarqand viloyatida kartoshka yetishtirish texnologiyalarini takomillashtirish borasida faoliyat olib borayotgan “GS Bio” qo‘shma korxonasi, Koreya Respublikasining “Xalqaro Kartoshkachilik Instituti” hamda institut o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik memorandum imzolandi.
“O‘zbekiston-Koreya kartoshka urug‘chiligi markazi” tashkil etilganidan ko‘p o‘tmay bir nechta qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligini qo‘llab-quvvatlovchi xalqaro donor tashkilotlarining yetakchi mutaxassislari bilan O‘zbekistonda kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligi masalalari bo‘yicha o‘zaro ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi. Jumladan:
2023-yilning 12-15-sentyabr kunlari loyihaning bevosita hamkorlari Janubiy Koreya Respublikasi Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va qishloq hududlarini rivojlantirish vazirligi (MAFRA), Koreya qishloq hududlarni rivojlantirish koorporatsiyasi (KRS) yetakchi mutaxassislaridan tashkil topgan ekspertlar guruhi tashrif buyurishdi. Tashrif davomida Koreyalik mutaxassislar viloyatda kartoshka urug‘chiligi bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaliklarida bo‘lib kartoshka urug‘chiligining bugungi holatini o‘rganishdi. Shu bilan birga institut olimlari va tadqiqotchilari ishtirokida 13-14-sentyabr kunlari kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish istiqbollari, in-vitro laboratoriyasi, issiqxonalar tashkil etish bo‘yicha seminar-treyninglar o‘tkazilildi hamda sohani rivojlantirish yuzasidan ikki tomonlama memorandum imzolandi.
Kelgusida institut olimlari Koreyaning qishloq hududlarni rivojlantirish koorporatsiyasi (KRS)da kartoshka urug‘chiligi bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malakasini oshirishi, “Himoyalangan yer inshootlari turlari va tuzilishi” fanidan 3-4 bosqich talabalariga Koreya qishloq hududlarni rivojlantirish koorporatsiyasi (KRS) professori ishtirokida ma’ruza va amaliy mashg‘ulot darslarini tashkil etilishi hamda viloyatda kartoshka urug‘chiligi bilan shug‘ullanuvchi hamda tovar mahsulot ishlab chiqaruvchilar, fermer xo‘jaliklari va agroklasterlar uchun seminar-treninglar va sohadagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan konferensiyalar tashkil etish belgilangan.