Har yili Xalqaro talabalar kuni (International Students' Day) 17 noyabr kuni nishonlanadi. 1946 yil 17 noyabr kuni Praga shahrida butun dunyo talabalar kongressida tasdiqlangan. Hozirgi kunga kelib, dunyoning ko‘pgina davlatlari bu bayramni nishonlaydi.
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida ham 17-noyabr Xalqaro talabalar kuni munosabati bilan “Students party” va “Talabalar shou” madaniy ko‘ngilochar konserti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor U.Nurullayev kirish va tabrik so‘zi bilan ochib berdi: Qadrli talabalar barchangizni bugungi 17-noyabr – Xalqaro talabalar kuni munosabati bilan chin dildan tabriklayman.
Talabalik umrning beg‘ubor fasli, katta hayot sari qadam qo‘yish ostonasi, ulkan orzu-umidlar davri ekanligini his qilgan holda yangi maqsadlar sari harakat qilishingizga tilakdoshman.
Bugungi kunda davrning o‘zi Vatan ravnaqi va taraqqiyoti uchun asosiy tayanch bo‘lgan yoshlar jamiyatning muhim qatlami ekanligini ko‘rsatib turibdi. Yuqori salohiyatli, ziyoli va bilimli yoshlar har jabhada biz uchun kuch-qudrat manbai bo‘lib xizmat qiladi. Bu borada muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning orzu-intilishlari, ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, azmu shijoatli, iqtidorli yigit-qizlarning o‘z sohasida, jamoat ishlarida erishayotgan yutuqlarini munosib rag‘batlantirishga katta ahamiyat berilmoqda.
Institutimiz talabalarining respublika va xalqaro miqyosida erishayotgan yutuqlari tahsinga sazovor. Joriy yilda institutning bir qator talabalari, Qishloq xo‘jalik vaziri stipendiyasi, rektor stipendiyasi, Mirzo Ulug‘bek vorislari va bir qator respublika tanlovlari g‘oliblari bo‘lishdi. Ko‘plab talabalarimiz xorijiy davlatlar Germaniya, Buyuk Britaniyada amaliyot o‘tab qaytishdi.
Ishonamanki, sizlar zamonaviy bilim va taraqqiyot cho‘qqilarini egallab, o‘z amaliy ishlaringiz, g‘ayrat-shijoatingiz, yetuk salohiyatingiz bilan jonajon Vatanimizga munosib, sadoqatli farzandlar bo‘lasiz.
Barchangizni talabalar kuni bilan yana bir bor qutlab, sihat-salomatlik, yangi yutuq va muvaffaqiyatlar tilayman. Ilm yo‘lida chekkan mashaqqatlaringizning yuksak natijalarini ko‘rish va yetuk salohiyatli kadr bo‘lishingizga tilakdoshman.
Shundan so‘ng iqtidorli talabalar tomonidan tayyorlangan qo‘shiq, raqs va badiiy chiqishlar yig‘ilganlar e’tiboriga namoyish etildi.