Iftixor bilan aytishimiz mumkinki, jamiyat hayotining barcha jabhasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar o'z samarasini berayapti. Binobarin, istiqlol yillarida Vatanimizda yashayotgan turli millatlar o'rtasida o'zaro hurmat, tenghuquqlilik hamda hamjihatlikni mustahkamlash, uning qonuniy asoslarini yaratishga alohida e'tibor qaratildi.
Ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni saqlash, dinlararo va millatlararo munosabatlarni uyg'unlashtirish hisobiga xalqaro maydonda O'zbekistonning obrosi oshib bormoqda.
Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar markazida, avvalo, inson manfaati, uning huquq va erkinliklarini ta'minlash maqsadi turadi. Fuqarolar manfaatlarini faqatgina tinchlik va osoyishtalik, o'zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yaratish orqali ta'minlash mumkin.
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida ushbu hafta “Bag‘rikenglik haftaligi” deb e’lon qilinganidan barchani xabari bor. Ushbu haftalik doirasida institutda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ilmiy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib borilmoqda. Xuddi shunday tadbirlardan biri bugun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor U.Nurullayev, Talaba-yoshlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini saqlashga mas’ul rektor maslahatchisi T.Yusupov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari t.f.d J.Jumayev va B.Maxmudovlar ishtirok etib talabalar bilan muloqot qilishdi.
Davra suhbatida ilmiy tadqiqot markazi, xodimlarining talabalar bilan millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, islom dinida ilm o‘rganishning ahamiyati mavzularida ma’ruzalari tinglandi. Talabalar tomonidan berilgan savollarga Markaz xodimlari tomonidan batafsil javoblar berildi. Institutda “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida rejalashtirilgan tadbirlar davom etmoqda.