Search

TDАU Samarqand filiali loyihasi Yangi shudgorlash agregati yonilgʼi sarfini 68 foizga, yerni tayyorlash vaqtini 60 foizga kamaytiradi

Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali olimlari shu yil 15 dan ziyod ilmiy va startap loyihalar bilan tanlovlarda ishtirok etdi. Hozirda 1,3 mlrd. soʼmlik 2 ta loyiha ijrosi taʼminlanayotgan boʼlsa, 2,4 mlrd. soʼmlik bitta loyiha Ilmiy-texnik kengash muhokamasidan muvaffaqiyatli oʼtib, moliyalashtirish bochqichida.
- 2021-2023 yillarga moʼljallangan “Oʼsimliklar himoyasi va avtomatik sugʼorish tizimiga asoslangan tuproqlar monitoringda ilgʼor raqamli texnologiyalardan foydalanish” loyihasiga koʼra, filial “Аxborot maslahat markazi” yerlarining 6 gektar maydonida mevali bogʼlar tashkil etiladi, - dedi direktorning ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʼyicha oʼrinbosari Bobur Eshonqulov. - Bogʼda avtomatlashtirilgan tomchilatib sugʼorish tizimi oʼrnatilib, masofadan boshqarish imkonini beruvchi ilova ishlab chiqiladi. Ilova orqali nafaqat sugʼorish tizimini boshqarish, balki maxsus zondlar orqali tuproq namligi kabi bir qancha maʼlumotlar muntazam ilova bazasida koʼrish imkonini beradigan tuproq monitoringi yuritiladi.
Shuningdek, “Takroriy ekinlar urugʼini ekadigan kombinatsiyalashgan qurilmani loyihalash va tijoratlashtirishga tayyorlash” loyihasi doirasida taklif etilayotgan agregat yordamida shudgorlashga kam xarajat sarflanadi.
Аgar Samarqand viloyatida hozirgi kunda jami 30 ming gektar yerga takroriy ekin ekishni inobatga olsak, yonilgʼiga 1 410 000 litr, yaʼni 9 165 000 000 soʼm sarflanadi. Taklif etilayotgan agregat yordamida esa yonilgʼi sarfi 450 000 litr, yaʼni 2 925 000 000 soʼm sarflanadi. Demak, yonilgʼi sarfi 68 foizga kamayadi. Yerni tayyorlash uchun ketadigan vaqt sarfini 60 foizga kamaytirishga erishiladi.
Yuqoridagi ilmiy loyihalar bilan birga filialda Oliy va oʼrta maxsus taʼlim, Qishloq xoʼjaligi vazirliklari, respublikamizdagi 4 ta oliy taʼlim muassasalari hamda yevropalik hamkor universitetlar bilan birgalikda 2021-2023 yillarga moʼljallangan “Oʼzbekistonda Bioiqtisodiyotni barqaror rivojlantirish yangi magistratura dasturi (“BioEcUz”)” doirasida xalqaro loyihalar ham bajarilmoqda.

 

 doc xls